Bugun xabar berganimizdek, bir guruh buxorolik shifokorlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumaniga aholiga tibbiy ko‘rik o‘tkazish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va murakkab jarrohlik amaliyotlarida yordam berish maqsadida yetib kelgan edi.

Bugundan boshlab delegatsiya a’zolari Xo‘jayli tumanida o‘zining amaliy ishini boshladi. Mutaxassislar mahalliy ta’lim muassasalariga kirib, o‘quvchilar o‘rtasida sog‘lom ovqatlanish madaniyati, gigiyena qoidalariga rioya qilish, zararli odatlarning oldini olish, sport bilan muntazam shug‘ullanish kabi mavzularda targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazmoqda. Bundan tashqari, tibbiyot xodimlari tomonidan tumandagi markaziy shifoxona va boshqa tibbiyot muassasalarida aholiga mo‘ljallangan keng ko‘lamli tibbiy ko‘riklar, jumladan, kardiologik, endokrinologik, pediatrik va boshqa ixtisoslashgan tekshiruvlar olib borilmoqda. Zarur hollarda murakkab tashxis qo‘yish jarayonlari ham tashkil etilmoqda. Shuningdek, buxorolik jarrohlar ishtirokida bir qator murakkab jarrohlik amaliyotlari ham muvaffaqiyatli bajarilmoqda. Mutaxassislarning aytishicha, bu amaliy yordam nafaqat bemorlar salomatligini tiklashga, balki xo‘jalilik shifokorlar bilan o‘zaro tajriba almashishga ham xizmat qilmoqda. Tashrif davomida Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash tizimi vakillari hududdagi tibbiyot muassasalari imkoniyatlarini, mavjud ehtiyojlarni va aholi salomatligi holatini o‘rganib, kelgusida amalga oshiriladigan qo‘shma loyihalar bo‘yicha ham takliflar ishlab chiqmoqda. Ushbu tashabbus Buxoro viloyatining Xo‘jayli tumaniga biriktirilgani doirasida amalga oshirilayotgan amaliy hamkorlikning yana bir muhim bosqichidir.