O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni ijrosi doirasida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida «Biz, yoshlar – giyohvandlik va OITSga qarshimiz!» mavzusida targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.

Tadbir yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va zararli odatlardan himoya qilishning ahamiyatini oshirishga qaratilgan.

Tadbirda filial direktorining yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari X.Abdijaliev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi OITSga qarshi kurashish markazi shifokor-metodisti A.Janibekova va shifokor yordamchisi D.Dalievalar so‘zga chiqib, talabalar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi va profilaktika madaniyatini shakllantirishning ahamiyatini alohida ta’kidlab, giyohvandlikning inson salomatligi, ta’lim jarayoni va jamiyat hayotiga salbiy ta’siri haqida ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, tadbirda giyohvandlikning oqibatlari, OITS infeksiyasining yuqish yo‘llari, shaxsiy gigiyena va profilaktika choralarining ahamiyati haqida tushunchalar berildi.

Mutaxassislar tomonidan test natijalarining sir saqlanishi va erta tashxis qo‘yishning ahamiyati ham alohida ta’kidlanib, filial o‘qituvchilari, xodimlari va talabalari ixtiyoriy ravishda qon topshirib, ular OITSni aniqlash uchun bepul ekspress-testdan o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Jarayon sanitariya-gigiyena talablariga to‘liq rioya qilingan holda tashkil etildi va bu profilaktik tadbir sifatida yoshlar va xodimlar salomatligini muhofaza qilishga xizmat qiladi.

Tadbirda ishtirokchilar mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.