Har yili minglab insonlar o‘z vatanini tashlab, ishlash yoki yashash maqsadida boshqa davlatlarga yo‘l oladi. Migratsiya jarayonida turli muammolar yuzaga kelishi mumkin va ulardan biri – sog‘liq bilan bog‘liq xavf-xatarlardir. Ayniqsa, OIV (odamda immunitet tanqisligi virusi) infeksiyasi haqida to‘g‘ri ma’lumotga ega bo‘lish va o‘zini himoya qilish har bir inson uchun muhim hisoblanadi.

OIV nima?

OIV – bu odam immun tizimini zaiflashtiruvchi virus bo‘lib, u organizmning infeksiya va ayrim xavfli kasalliklarga qarshi kurashish qobiliyatini pasaytiradi. Virus yuqumli bo‘lsa ham, u havo orqali yoki qo‘l berib salomlashish orqali yuqmaydi.

OIV qanday yuqadi?

OIV infeksiyasi quyidagi yo‘llar orqali yuqishi mumkin:

  • Himoyasiz jinsiy aloqa orqali;
  • ifloslangan shpris yoki emlash vositalari orqali;
  • OIV yuqqan onaning chaqaloqqa tug‘ish paytida yoki emizish jarayonida;
  • Qon quyish orqali (faqatgina tekshiruvsiz holatdagina).

OIV yuqishini qanday oldini olish mumkin?

  • Turmush o‘rtog‘ingizga sodiq bo‘ling;
  • Shaxsiy gigiyena vositalaridan (tig‘, tish cho‘tkalari) faqat o‘zingiz foydalaning;
  • Tekshirilgan va steril shprislardan foydalaning;
  • Qon quyish kerak bo‘lsa, uning xavfsizligiga ishonch hosil qiling;
  • OIV uchun muntazam test topshiring, ayniqsa, xavf guruhiga kiradigan holatlarda.

OIV bilan yashash mumkinmi?

Ha, bugungi tibbiyotda OIV infeksiyasi nazoratga olinadigan kasallik hisoblanadi. Agar infeksiya erta aniqlansa va davolash (ART – antiretrovirus terapiya) o‘z vaqtida boshlansa, inson to‘laqonli yashashi, ishlashi va oila qurishi mumkin.

Migrantlar uchun maxsus maslahatlar:

  • Yangi mamlakatda ro‘yxatdan o‘tganda shifokor bilan bog‘laning;
  • Mahalliy sog‘liqni saqlash muassasalarida OIV testini topshiring;
  • Hech qachon uyalmang – bu sizning sog‘lig‘ingiz va hayotingiz uchun muhim.

Har bir inson o‘z sog‘lig‘iga mas’uliyat bilan yondashishi, bilimli bo‘lishi va profilaktik tadbirlarga amal qilishi zarur. OIV haqidagi ma’lumotlar – hayotni saqlab qolishi mumkin.

 

B.Yusupova, E.Esmurzayeva

Qoraqalpog‘iston Respublikasi OITSga qarshi kurashish markazi shifokorlari