Respublikamizda tibbiyot sohasida xorijiy davlatlar bilan hamkorlik ishlari takomillashtirilib, aholi salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha zamon talablari asosida yangiliklar joriy etilmoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi va Isroil davlati tashqi ishlar vazirligining «MASHAV» agentligi o‘rtasida hamkorlik ishlari jadal rivojlanmoqda. Ayniqsa, agentlikning tibbiyot sohasidagi olib borayotgan keng ko‘lamli ishlari natijasida yo‘lga qo‘yilgan loyihalari o‘zining ijobiy natijasini bermoqda.
Shunday loyihalar Qoraqalpog‘istondagi «Mehrli insonlar» jamg‘armasi tomonidan amalga oshirilib, Xo‘jayli tumani Bolalar ftiziatriya sanatoriyasida davolash jismoniy tarbiya xonasi tashkillashtirilib, kerakli jihozlar bilan ta’minlandi.
Jamg‘arma vakillari ushbu sihatgohda bo‘lib, bemorlarga yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishdi. Shuningdek, o‘z navbatida bemorlar va ularning ota-onalari ham bu yaratilgan sharoitlardan mamnun bo‘lib, tashrif buyurgan mehmonlarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
– Bu yaratilgan sharoitlar o‘z navbatida sanatoriyamizda davolanayotgan bolalarning tezroq sog‘ayib ketishiga yordam beradi, – deydi Xo‘jayli tumani Bolalar ftiziatriya sanatoriyasi bosh shifokori Genjemurat Bobojonov





















