Respublikamizda tibbiyot sohasida xorijiy davlatlar bilan hamkorlik ishlari takomillashtirilib, aholi salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha zamon talablari asosida yangiliklar joriy etilmoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi va Isroil davlati tashqi ishlar vazirligining «MASHAV» agentligi o‘rtasida hamkorlik ishlari jadal rivojlanmoqda. Ayniqsa, agentlikning tibbiyot sohasida olib borayotgan keng ko‘lamli ishlari natijasida yo‘lga qo‘yilgan loyihalari o‘zining ijobiy natijasini berayotir.

Shunday loyihalar Qoraqalpog‘istondagi «Mehribon insonlar» jamg‘armasi tomonidan amalga oshirilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bolalar tibbiy reabilitatsiya markazida suv bilan davolash muolajasini o‘tkazish uchun barcha qulayliklarga ega xona tashkil etilib, zarur jihozlar bilan ta’minlandi.

Jamg‘arma vakillari ushbu markazda bo‘lib, bemorlarga yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishdi. Shuningdek, o‘z navbatida bemorlar va ularning ota-onalari ham bu yaratilgan sharoitlardan mamnun bo‘lib, tashrif buyurgan mehmonlarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

– Bu yaratilgan sharoitlar o‘z navbatida markazimizda davolanayotgan bolalarning tezroq sog‘ayib ketishiga yordam beradi, chunki havo-ko‘pikli suv bilan kursli davolash organizmning himoya kuchlarini oshiradi. Qon va limfa aylanishining yaxshilanishi hisobiga immun tizimi faollashadi. Oyoq ostida joylashgan barcha nuqtalar orqali gidravlik vanna organizmdagi qon aylanishini faollashtiradi va immunitetni ko‘taradi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bolalar tibbiy reabilitatsiya markazi direktori Gulistan Nazarimbetova.

 

QR Densawlıqtı saqlaw ministrligi Málimleme xızmeti