Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Axborot xizmati tomonidan Respublika bolalar stomatologiya poliklinikasiga ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda muassasaning bugungi faoliyati, moddiy-texnik bazasi va bolalarga ko‘rsatilayotgan stomatologik yordam sifati haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, Respublika bolalar stomatologiya poliklinikasi Nukus shahri va respublikamizning barcha hududlaridan kelgan 0 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga bepul stomatologik yordam ko‘rsatadi. Poliklinika kuniga 250 nafar bolani qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lib, ish vaqti ertalabki soat 8:00 dan kechki soat 18:00 gacha belgilangan.
Muassasa ikki qavatli moslashtirilgan binoda joylashgan. Birinchi qavatda ma’muriy-xo‘jalik xonalari va xo‘jalik hisobidagi bo‘lim faoliyat ko‘rsatsa, ikkinchi qavatda davolash bo‘limi, jarrohlik xonasi, PCS xonasi va fizioterapiya xonasi joylashgan.
Matbuot anjumanida bo‘lim boshlig‘i Gulzabira Annaqulovaning ta’kidlashicha, poliklinika to‘liq modernizatsiya qilingan va zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Xonalarda jami 22 ta zamonaviy stomatologik uskuna bo‘lib, shundan uchtasi «Salomatlik-3» loyihasi doirasida olingan. Qolgan 19 ta qurilma, yumshoq inventar va stomatologik instrumentlar xo‘jalik hisobidagi bo‘lim mablag‘lari hisobidan sotib olingan. Insonparvarlik yordami jamg‘armasi tomonidan berilgan 2 ta videografdan bittasi rentgen xonasiga o‘rnatilib, samarali faoliyat yuritmoqda.
Ayni paytda poliklinikada 30 nafar shifokor mehnat qilmoqda. Ularning 11 tasi oliy toifali, 3 tasi birinchi toifali, 4 tasi ikkinchi toifali. Shuningdek, 7 nafar stomatolog oliy toifaga ega. Xo‘jalik hisobidagi bo‘limda 7 nafar tish shifokori faoliyat yuritmoqda.
Muassasa Qoraqalpog‘iston tibbiyot universiteti stomatologiya fakulteti uchun o‘quv bazasi hisoblanadi. Bu yerda talabalarga amaliy va nazariy darslar o‘tkaziladi. Shuningdek, 2-sonli Abu Ali Ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumining tish texnigi mutaxassisligi uchun ham amaliy mashg‘ulotlar tashkil etiladi.
Matbuot anjumanida raqamli tizimning joriy etilishiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Poliklinikada yil boshidan DMED tizimi ishga tushirilgan bo‘lib, barcha xonalar kompyuter bilan ta’minlangan. Jami 52 nafar xodim IT yo‘nalishida o‘qitilib, sertifikat olgan. Yil davomida 8 marta tibbiy maslahat o‘tkazilgan, shifokorlar o‘rtasida 13 ta, o‘rta tibbiyot xodimlari o‘rtasida 30 ta o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilgan.
Poliklinikada bolalarga tishlarni davolash va olish, og‘iz bo‘shlig‘i shilliq qavati kasalliklarini davolash, yuz-jag‘ tish qatorlari anomaliyalarini davolash, shuningdek, maktab o‘quvchilari orasida profilaktik ishlarni olib borish kabi stomatologik yordamlar ko‘rsatiladi.
Kelib tushgan bemorlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, murojaatlarning 50 foizi tish qattiq to‘qimalari kasalliklari, 21 foizi tish oldirish, 15 foizi og‘iz bo‘shlig‘i shilliq qavati kasalliklari, 6 foizi yuz-jag‘ anomaliyalari bilan bog‘liq. Qo‘shimcha xonalarga 21 foiz bolalar qatnovi qayd etilgan.
Shuningdek, xo‘jalik hisobidagi bo‘lim mablag‘lari hisobidan 18 dona zamonaviy stomatologiya uskunasi to‘plami va poliklinika mebeli xarid qilinib, bolalar xizmatiga yo‘naltirilgan.
Matbuot anjumani yakunida ta’kidlanganidek, bolalar salomatligini muhofaza qilish, ularga sifatli va zamonaviy stomatologik xizmat ko‘rsatish poliklinika jamoasining asosiy vazifasi bo‘lib qolmoqda.
Konferensiyadan so‘ng ishtirokchilar bo‘limlardagi bolalarni davolash uchun yaratilayotgan sharoitlar bilan tanishib, mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
























