O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi va Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi OITSga qarshi kurashish markazida ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda OITSga qarshi kurashish markazi bosh shifokori J.Madreymova tibbiyot muassasasining respublikamizda OIV infeksiyasining oldini olish, ushbu infeksiya bilan yashovchi shaxslar va dispanser nazoratiga olingan bemorlarning bugungi holati, o‘tgan yili amalga oshirilgan ishlar bilan yaratilgan imkoniyatlar haqida keng ma’lumot berdi.
– «Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 26-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida OIV infeksiyasi tarqalishiga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi, 2023-yil 20-yanvardagi «Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka qarshi kurashish tizimini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 5-yanvardagi «OITSga qarshi kurashish markazlarining tashkiliy tuzilmasi va faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasida epidemik vaziyatning barqarorligiga erishish, OIV/OITS profilaktikasi, OIV infeksiyasini shifoxona ichi infeksiyasi ko‘rinishida tarqalishining hamda onadan bolaga o‘tishining oldini olish maqsadida, markazimizda bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, – deydi bosh shifokor Djamilya Madreymova. – Markazimizda va unga qarashli 6 ta joyda tumanlararo laboratoriyalar mavjud bo‘lib, ularda 50 nafar shifokor va 57 nafar o‘rta maxsus tibbiyot xodimlari xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Bugungi kunda respublikamizda 1145 kishi OIV infeksiyasi bilan yashab kelmoqda. Bu infeksiyani yuqtirganlarning 681 ini erkaklar, 464 ini ayol-qizlar tashkil etadi. Tumanlar kesimida olganda, OIV infeksiyasini yuqtirganlar soni, respublikamizning janubiy tumanlari va Nukus shahrida ko‘pchilikni tashkil etadi. Xususan, To‘rtko‘lda 357, Beruniyda 219, Ellikqal’ada 106, Amudaryoda 80 va Nukus shahrida 162 kishi OIV infeksiyasi bilan yashab kelmoqda. Afsuski, o‘tgan yili 129 kishi OIV infeksiyasini yuqtirib oldi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilda 131 ta bo‘lgan edi. Achinarli tomoni shundaki, kasallik yuqtirganlarning aksariyati jinsiy yo‘l bilan bu xastalikni yuqtirmoqda.
Anjumanda markaz xodimlari tomonidan olib borilayotgan davolash-profilaktika ishlarining borishi, laboratoriya tekshiruvlarining natijasi haqida ishtirokchilarga keng ma’lumotlar berilib, jurnalistlar markazdagi bugungi hayot bilan yaqindan tanishdi.
Tadbir davomida ommaviy axborot vositalari vakillari markaz rahbarlariga bugungi kunda keng jamoatchilikni qiziqtirib kelayotgan masalalar bo‘yicha savollar berib, ularga tegishli javoblar oldi.






















