Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligida tizimda korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash, ularning oldini olish hamda ushbu holatlarga sabab bo‘layotgan omillarni bartaraf etish masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri M.Kurbanov raisligida o‘tkazildi. Unda vazir o‘rinbosarlari, vazirlikning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limi mutaxassislari, tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari, mas’ul xodimlar hamda hududiy tibbiyot muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.

Kun tartibiga muvofiq, sog‘liqni saqlash tizimida korrupsiyaning oldini olish, mavjud holatlarni aniqlash hamda ularga imkon yaratayotgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan vazir M.Kurbanov sohada korrupsiyaga qarshi kurashish borasida qator ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lsada, ayrim holatlarda manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsion holatlar hanuz uchrayotganini, bu esa fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotganini ta’kidladi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan 2026-yil korrupsiyaga qarshi kurashishda “favqulodda holat” deb e’lon qilingani ushbu yo‘nalishda barcha darajadagi rahbarlar zimmasiga yanada katta mas’uliyat yuklayotgani qayd etildi.

Yig‘ilish davomida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha bosh mutaxassisi R.Nurimbetov ham so‘zga chiqib, hududda korrupsion holatlarni aniqlash va ularga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilayotganini bildirib, barcha rahbarlarni har qanday noqonuniy xatti-harakatlarga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lishga chaqirdi.

Muhokamalar yakunida mas’ullarga tizimda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsion xavf-xatarlarni kamaytirish, fuqarolar murojaatlari bilan ishlashni yanada takomillashtirish hamda profilaktik choralarni kuchaytirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida har bir rahbarning shaxsiy mas’uliyati alohida ta’kidlanib, belgilangan vazifalar ijrosini qat’iy nazoratga olish lozimligi qayd etildi.

Telegram (https://t.me/qrdssm) | Instagram (https://www.instagram.com/qr_dsm?utm_source=qr&igsh=bWo1dTFla2xzOTBo) | Facebook (https://www.facebook.com/share/19uNTW7Ptc/) |Website (https://qrdsm.uz/) | YouTube (https://youtube.com/@qrdssm?si=IPEt9nKavK9beTkG)