QR sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan huquq-tartibotni mustahkamlash, qonuniylikni ta’minlash, ayniqsa korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlarining oldini olish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishlar o‘tkazilmoqda. Shunday tadbirlardan biri Nukus shahar tibbiyot birlashmasida tashkil etilib, birlashma bosh shifokori I.Paluanov kirish so‘zida tizimda qonunbuzarliklarni, ayniqsa korrupsion harakatlarning oldini olish o‘ta muhimligini ta’kidladi. – Korrupsiya jamiyat rivojiga to‘siq bo‘luvchi xatarli illat bo‘lib, uning salbiy oqibatlari barchamizga ayon, – dedi u. – Shu bois tibbiyot tizimida ushbu muammoga qarshi keskin va murosasiz kurashish, sohada shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni erta aniqlash va ularga yo‘l qo‘ymaslik, turli byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha bosh mutaxassisi R.I.Nurimbetov tibbiyot tizimidagi bugungi holat bo‘yicha ma’ruza qildi. – Korrupsiyaning har qanday ko‘rinishi soha rivojiga jiddiy to‘siq bo‘lib hisoblanadi. Shu bois bu illatga qarshi keskin choralar ko‘rilib kelinmoqda. Respublikamizda ham hozirgi vaqtda unga qarshi murosasiz kurash olib borilmoqda. Lekin hali kutilgan natijaga erishilgani yo‘q. Ayrim davolash-profilaktika muassasalarida qonunbuzarlikning bu ko‘rinishi ba’zan uchrab turibdi. Xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirish, tizimda qonun ustuvorligini ta’minlash zarur. Kelgusida bu boradagi profilaktik, targ‘ibot-tashviqot ishlari yanada kuchaytiriladi. Tibbiyotni korrupsiyadan xoli sohaga aylantirishga qaratilgan harakatlar izchil davom ettiriladi.
Tadbir yakunida Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida ushbu illatga qarshi ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga oid videofilm namoyish etildi. 
















