Assalomu alaykum, hurmatli Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisi va mehmonlari!

Men, Nurımbetov Ilyas Ańsatbaevich, Respublika tez tibbiy yordam markazi Qoraqalpog‘iston filiali direktori sifatida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 26-dekabr kuni Oliy Majlisga va O‘zbekiston Respublikasi xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar, xususan korrupsiyaga qarshi kurash yo‘nalishidagi topshiriqlar ijrosini ta’minlashda jamoamiz bilan birgalikda qat’iyat va shaxsiy mas’uliyat bilan faoliyat olib borishimizni ma’lum qilaman.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, korrupsiya — jamiyat va davlat rivojiga jiddiy zarar yetkazuvchi illat bo‘lib, fuqarolarning adolat va qonun ustuvorligiga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazadi. Ayniqsa, sog‘liqni saqlash tizimida bunday holatlarga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, chunki ushbu soha inson hayoti va sog‘lig‘i bilan bevosita bog‘liqdir.

Shu bois, Respublika tez tibbiy yordam markazi Qoraqalpog‘iston filiali jamoasi tomonidan korrupsiyaning oldini olish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida quyidagi amaliy choralar izchil amalga oshirilmoqda:

Xususan:

aholining murojaatlari Meddata axborot tizimi orqali qabul qilinib, doimiy nazorat qilinmoqda;

tez tibbiy yordam xizmatlari sifati Call-back dasturi orqali baholanmoqda;

o‘quv-simulyatsiya markazida tibbiyot xodimlarining bilim va malakasini oshirish ishlari olib borilmoqda;

tez tibbiy yordam avtotransportlari GPS tizimi orqali kuzatib borilmoqda;

tibbiy sug‘urta tizimi asosida xizmatlar tashkil etilgan;

korrupsiya holatlari yuzasidan murojaatlar qabul qilish uchun ishonch telefonlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan;

xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida DXX, IIB va prokuratura organlari mutaxassislari ishtirokida davra suhbatlari o‘tkazilmoqda;

muassasaning barcha bo‘limlarida korrupsiyaga qarshi targ‘ibot materiallari joylashtirilgan;

bemorlar va ularning yaqinlari fikrini o‘rganish uchun anonim so‘rovnomalar muntazam tashkil etilmoqda.

Rahbar sifatida quyidagilarni alohida ta’kidlab o‘taman:

korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘laman;

xizmat vakolatlaridan shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanishga yo‘l qo‘ymayman;

muassasada ochiqlik, shaffoflik va adolat tamoyillarining to‘liq ta’minlanishini qat’iy nazorat qilaman;

barcha xodimlardan amaldagi qonunchilik talablariga so‘zsiz rioya etishni talab qilaman.

Har bir xodim shuni anglab yetishi zarurki, korrupsiyaga qarshi kurash — faqat rahbarning emas, balki har birimizning vijdoniy va fuqarolik mas’uliyatimizdir. Halollik va mas’uliyat kundalik faoliyatimizning asosiy mezoni bo‘lishi lozim.

Hurmatli fuqarolar!
Agar Respublika tez tibbiy yordam markazi Qoraqalpog‘iston filialida korrupsiya bilan bog‘liq holatlarga duch kelsangiz, befarq bo‘lmang va quyidagi ishonch telefonlariga murojaat qiling:

📞 Filial ishonch raqami: 55-105-07-95
📞 Yagona ishonch raqami: 1103
📞 Filial direktori: +998 90 577 00 75

Biz korrupsiyaga birgalikda qarshi turamiz!
Korrupsiyasiz tizim — sifatli tibbiy xizmat va xalq ishonchining mustahkam kafolatidir.