Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat yuritayotgan Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filialida “O‘zbekiston — umumiy uyimiz” g‘oyasi asosida diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash hamda korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.
Mazkur tadbir mamlakatimizda olib borilayotgan izchil islohotlar doirasida jamiyatda millatlararo totuvlikni mustahkamlash, fuqarolar o‘rtasida o‘zaro hurmat va bag‘rikenglik madaniyatini yuksaltirish, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha huquqiy ong va madaniyatni oshirishga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etdi.
Tadbirda Davlat xavfsizlik xizmati Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi mas’ul xodimi hamda Al-Beruniy nomidagi Islom bilim yurti direktor o‘rinbosari Qobil Mambetov ishtirok etib, o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdilar.
Ma’ruzachilar tomonidan bugungi kunda mamlakatimizda diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, turli millat va konfessiya vakillari o‘rtasida totuvlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar keng yoritib berildi.
Shu bilan birga, korrupsiyaga qarshi kurashish bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri ekani ta’kidlanib, ushbu illatning jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’siri, uni oldini olishning samarali mexanizmlari, xususan, ochiqlik, shaffoflik va qonun ustuvorligini ta’minlash orqali bu boradagi ishlarni yanada kuchaytirish zarurligi alohida qayd etildi.
Tadbir davomida tibbiyot tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarning kasbiy etikasi, halollik tamoyillariga rioya etishi, bemorlar bilan ishlashda mas’uliyat va insonparvarlik kabi muhim jihatlar yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi. Ushbu yo‘nalishda har bir xodimning shaxsiy javobgarligi va fidoyiligi muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida barcha ishtirokchilar jamiyatda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni yanada rivojlantirish, korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish yo‘lida birlashishga chorlandi.






















