Tibbiyot sohasida korrupsiyaning oldini olish, sohada shaffoflik va qonuniylikni ta’minlash maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi filialida psixiatriya xizmati bo‘yicha «Tibbiyot sohasida korrupsiyaviy jinoyatlarning kelib chiqish omillari va javobgarlik masalalari, kadrlar korrupsiyasi va uni bartaraf etish mexanizmlari, korrupsiyaviy jinoyatlarning oldini olish shakllari va asosiy yo‘nalishlari» mavzusida seminar tashkil etildi.

Tadbirda Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha bosh mutaxassisi R.I.Nurimbetov tomonidan tibbiyot sohasida uchrayotgan korrupsion holatlarning sabablari, ularning salbiy oqibatlari va qonunchilikda belgilangan javobgarlik choralari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shuningdek, kadrlarni ishga qabul qilish va lavozimlarga tayinlash jarayonlarida shaffoflik va adolat tamoyillarini ta’minlash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda zamonaviy komplayens nazorat tizimlarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Mutaxassislar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashishda raqamlashtirish, elektron tizimlarni keng joriy etish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va xodimlarning huquqiy madaniyatini oshirish muhim omil ekani ta’kidlandi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan sohada shaffoflikni ta’minlash, halollik tamoyillarini mustahkamlash va korrupsiyaviy jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.