Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholi salomatligini muhofaza qilish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordam sifatini yanada yaxshilash hamda tibbiy xizmatlarning samaradorligini oshirish maqsadida sog‘liqni saqlash tizimida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining 2025-yil 20-iyundagi 175-sonli buyrug‘i, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-88-son Farmoni hamda PQ-185-son qarorida belgilangan vazifalar asosida tibbiyot tizimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar belgilandi.
Mazkur islohotlarning asosiy maqsadi — Chimboy tumani tajribasini respublikaning barcha shahar va tumanlarida keng joriy etish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordam tizimini takomillashtirish, aholiga tibbiy xizmatlarni yanada yaqinlashtirish va ularning sifatini oshirishdan iborat.
Yangi tizim doirasida oilaviy shifokorlar va patronaj hamshiralarining roli kuchaytirilmoqda. Kasalliklarni erta aniqlash, profilaktik tadbirlarni kengaytirish, surunkali kasalliklar nazoratini takomillashtirish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa aholining sog‘lig‘ini saqlash va kasalliklarning oldini olishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Xususan, “Elektron poliklinika” va “Elektron shifoxona” axborot tizimlari amaliyotga tatbiq etilib, tibbiy xizmatlarni boshqarish, bemorlar ma’lumotlarini yuritish va xizmatlar sifati ustidan nazoratni kuchaytirish imkoniyatlari kengaymoqda.
Hududlardagi tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy diagnostika va davolash uskunalari bilan jihozlash, tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini muntazam oshirish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rilmoqda. Ayniqsa, chekka va olis hududlarda yashovchi fuqarolarning sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini bosqichma-bosqich joriy etish orqali aholiga kafolatlangan tibbiy xizmatlar ko‘rsatish, moliyalashtirishning zamonaviy mexanizmlarini tatbiq etish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish ham islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida sog‘liqni saqlash tizimining barqaror rivojlanishi, aholining sifatli va zamonaviy tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari kengayishi, tibbiy yordamning qulayligi va ochiqligi ta’minlanishi hamda xalq salomatligini mustahkamlashga erishilishi kutilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati.
























