Probatsiya nazoratidagi shaxslarga tibbiy yordam bo‘yicha Memorandum imzolandi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasida muhim hamkorlik hujjati imzolandi.
Hujjat haqida
2026-yil 10-noyabr kuni «Xavfsiz va sog‘lom yurt» keng qamrovli tadbirining uchinchi bosqichi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik Axmedov Davron Murodovich hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Qurbanov Murad Ismailovich ishtirokida muhim hamkorlik hujjati imzolandi.
Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasida probatsiya nazoratidagi shaxslarga tibbiy va tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish sohasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi.
Mazkur hujjat probatsiya nazoratida turgan shaxslarning salomatligini muhofaza qilish, ularning tibbiy yordam olish huquqini ta’minlash, kasalliklarning oldini olish, davolash va reabilitatsiya qilish, shuningdek, ularni jamiyatga qayta moslashtirishda idoralararo hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan.
Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari
Memorandumga muvofiq, hamkorlik quyidagilar bo‘yicha yo‘lga qo‘yiladi:
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi «Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 207-sonli Farmoni ijrosi yuzasidan alohida e’tibor giyohvandlik, alkogolizm va boshqa turdagi qaramliklarga moyil shaxslarni aniqlash, ularni ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga yo‘naltirish, sil va tanosil kasalliklarining oldini olish, ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolarni barvaqt aniqlash hamda tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiyaga muhtoj shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratiladi.
Hamkorlik doirasida probatsiya xizmati xodimlari va tibbiyot muassasalari mutaxassislari ishtirokida profilaktik tadbirlar, davra suhbatlari, o‘quv-seminarlar va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etiladi. Ularda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, zararli odatlarning salbiy oqibatlari, yuqumli kasalliklar profilaktikasi va tibbiy yordamga o‘z vaqtida murojaat qilishning ahamiyati keng tushuntiriladi.
Eng muhimi, mazkur Memorandum probatsiya nazoratidagi shaxslarga nisbatan faqat nazorat va profilaktika choralarini amalga oshirish bilan cheklanib qolmasdan, ularning salomatligini tiklash, ijtimoiy muammolarini hal etish, sog‘lom hayot tarziga qaytish va jamiyatda munosib o‘rin topishiga ko‘maklashishga ham xizmat qiladi.
Ishonch bilan aytish mumkinki, ichki ishlar va sog‘liqni saqlash organlari o‘rtasidagi bunday tizimli hamkorlik huquqbuzarliklarning oldini olish, qayta jinoyat sodir etish xavfini kamaytirish, inson salomatligi va ijtimoiy farovonligini ta’minlash orqali hududda xavfsiz va sog‘lom muhitni shakllantirishga muhim hissa qo‘shadi.
Click to listen highlighted text!
















